Tuproq
agrokimyo izlanish ishlarini olib borish, Agrokimyoviy
xaritanomalarni ishlab chiqish hamda buyurtmachiga
yetkazib berish
TIZIMI
Ilmiy tadqiqotlar natijalariga ko‘ra mineral o‘g‘itlardan doimiy foydalangan holda qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtiriladigan maydonlarda har 4 yilda bir marotaba tuproq-agrokimyo izlanish ishlari bajarilib, agrokimyoviy xaritanomalar ishlab chiqilishi belgilangan.
Agrokimyoviy xaritanoma sug‘oriladigan ekin yerlari tuproqlarining qishloq xo‘jaligi ekinlari uchun zarur bo‘lgan ozuqa moddalari (harakatchan fosfor, almashuvchan kaliy, gumus (chirindi)) bilan ta’minlanganlik holatini belgilovchi hujjat hisoblanadi.
Agrokimyoviy xaritanoma talabi asosida har bir kontur kesimida ekiladigan qishloq xo‘jaligi ekinlari uchun mineral o‘g‘itlarga bo‘lgan ilmiy talab ishlab chiqiladi va shu asosida mineral o‘g‘itlardan har bir konturning tuproq holatiga ko‘ra tabaqalashtirib (differensial) foydalaniladi.
Agrokimyoviy xaritanoma talabi buzilishi yoki umuman unga amal qilinmasligi oqibatida o‘simlik tomonidan tuproqdagi oziqa moddalari olib chiqib ketilishi va ularning o‘rni qoplanmasligi (yoki keragidan ortiq mineral o‘g‘itlar kiritilishi) natijasida tuproq holati yomonlashib, ekinlar hosildorligi kamayib boradi, ekologik vaziyat buziladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda kelgusi yilda jami sug‘oriladigan yerlarining 25 foizidan kam bo‘lmagan maydonlarida (aniq tumanlar kesimida) tuproq-agrokimyo izlanish ishlari va agrokimyoviy xaritanomalar tayyorlashni tashkil qilish to‘g‘risida har yili dekabr oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimlarining qarorlari qabul qilinadi.
Tuman bo‘yicha tuproq-agrokimyo izlanishlari yakunida jami sug‘oriladigan yerlar tuproqlarining oziqa moddalari bilan ta’minlanganlik darajasiga muvofiq mineral o‘g‘itlarga bo‘lgan ilmiy asoslangan talab ishlab chiqiladi. Shu asosida viloyat va Respublika bo‘yicha qishloq xo‘jaligi ekin turlariga muvofiq mineral o‘g‘itlarga bo‘lgan ilmiy talab shakllantiriladi.
Agrokimyoviy xaritanoma ishlab chiqish:
talabnomaga muvofiq agrokimyoviy tahlil o‘tkaziladigan ekin yerlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar (qishloq xo‘jaligi xaritasi, ekin yerlari maydonlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar) umumlashtiriladi;
agrokimyogar mutaxassislar tomonidan dalaga chiqib ekin maydonlari rekognossirovkasi (dalaning joylashuvini o‘rganish) qilinib, yer chizmasiga elementar (tuproq namunalari olinadigan) maydonchalarni joylashtirish, ekin turlari chegarasini ajratish ishlari amalga oshiriladi va tuproq namunalari olish uchun yetarli miqdorda xaltachalar tayyorlanadi.
Tuproq-agrokimyo izlanish ishlarini bajarish hamda agrokimyoviy xaritanoma tayyorlashda qishloq xo‘jaligi korxonasining jami sug‘oriladigan yerlaridan tuproq namunalari olinadi.
Tuproq namunalari diagonal, yo‘nalish va konvert usullarida olinadi, mutaxassis tomonidan kontur joylashuvi va dala sharoitidan kelib chiqqan holda namunalar olish usuli tanlanadi.
Tuproq namunasi olishda yer maydonlari o‘rtacha 5 gektardan bo‘lakchalarga bo‘linib, shartli bo‘lingan 5 gektarlik katakchalardan tuproq haydov qatlamidan (0–30 sm) 5 ta namuna olinib, aralash namuna tayyorlanadi.
Aralash namuna tayyorlashda 5 gektardan olingan alohida 5 ta tuproq namunasi polietilen plyonka ustida yaxshilab aralashtirilib tekis yoyiladi va katakchalarga bo‘linib, har bir katakchadan o‘rtacha 50 gramm miqdorida tuproq olinib, aralash namuna tayyorlanadi hamda xaltachalarga solinib, tegishli raqam bilan raqamlanadi.
Yerlarni ekishga tayyorlash jarayonida, ekish bilan birga yoki oziqlantirish mavsumida mineral o‘g‘itlar qo‘llanilgan holatda ushbu dalalardan tuproq namunalari olish ishlari darhol to‘xtatiladi va 25–30 kun o‘tib, mineral o‘g‘itlar o‘simlik tomonidan o‘zlashtirilgandan so‘ng tuproq namunalari olish mumkin.
Tuproq-agrokimyo izlanish ishlari natijalarini jamlash hamda fermer xo‘jaligi va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonasi sug‘oriladigan yerlari bo‘yicha agrokimyoviy xaritanomalarni ishlab chiqishda xatoliklarga yo‘l qo‘ymaslik uchun tuproq aralash namunalarini raqamlashda ketma-ketlik saqlanishi shart, masalan, fermer xo‘jaligi nomi yozilib, aralash namunalar tartib raqami 1-2-3... o‘sib boruvchi raqamlar bilan raqamlanadi, ushbu ma’lumotlar dala daftarida qayd etib boriladi.
Har bir fermer xo‘jaligi va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari sug‘oriladigan yerlaridan olingan tuproq aralash namunalari agrokimyo tahlil laboratoriyasiga ro‘yxat bonyicha topshiriladi.
Tuproq namunasi laboratoriya jurnaliga qayd etilib, qabul qilib olingandan so‘ng o‘rnatilgan tartibda tuproqdagi o‘simlik o‘zlashtira oladigan oziqa elementlari: harakatchan fosfor, almashuvchan kaliy va gumus (chirindi) miqdoriga alohida-alohida laboratoriya tahlil ishlari bajariladi.
Laboratoriya tahlil natijalari har bir ko‘rsatkich (fosfor, kaliy, gumus) bo‘yicha tuproq namunalari hisob-kitob qilinib, tuproq tarkibi to‘g‘risidagi ma’lumotlar agrokimyoviy xaritanoma ishlab chiqish uchun kompyuter kartografiyasi bo‘limiga topshiriladi.
Kompyuter-kartografiya bo‘limi tomonidan qishloq xo‘jaligi korxonasi sug‘oriladigan yer maydonlari xaritasining elektron ko‘rinishi tayyorlanib, konturlar bo‘yicha tuproqning harakatchan fosfor, almashuvchan kaliy va gumus (chirindi) bilan ta’minlanganlik holatiga muvofiq, har bir element 5 ta ko‘rsatkich bo‘yicha (juda kam, kam, o‘rta, yuqori, juda yuqori) baholanib, agrokimyoviy xaritanoma ishlab chiqiladi.
Har bir kontur oziqa moddalari bilan ta’minlanganlik darajasiga muvofiq turli ranglar bilan ajratiladi va tuproqning ta’minlanganligiga ko‘ra barcha qishloq xo‘jaligi ekinlari uchun mineral o‘g‘itlarga bo‘lgan talab hisoblab chiqilib, jadval shaklida xaritanomaga ilova qilinadi.
Agrokimyoviy xaritanomaga tuproqning oziqa moddalari bilan ta’minlanganligiga ko‘ra uning unumdorligini oshirish, atrof-muhitni muhofaza qilish va mineral o‘g‘itlardan samarali foydalanish to‘g‘risida tavsiyanomalar kiritiladi.
“Respublika agrokimyoviy tahlil markazi” filiallari har bir davr (100 foiz maydonda tuproq tahlillari o‘tkazilgan davr) bo‘yicha elektron ma’lumotlar bazasini yaratib, har 4 yilda tuproqlarning oziqa moddalari bilan ta’minlanganlik holatiga tegishli o‘zgartirishlar kiritib boradi va tuproqning unumdorlik holati bo‘yicha tavsiyalar tayyorlaydi.
Talabnomaga muvofiq “Respublika agrokimyoviy tahlil markazi” va uning filiallari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar qiymati (narxi) 15 foiz oldindan to‘lov asosida agrokimyoviy xaritanoma 2 nusxada ishlab chiqiladi, belgilangan tartibda bajarilgan ish dalolatnomasi, hisob-faktura va taqqoslash dalolatnomasi bilan buyurtmachiga bir nusxasi yetkazib beriladi (bir nusxasi “Respublika agrokimyoviy tahlil markazi”da saqlanadi) va qolgan 85 foiz to‘lov amalga oshiriladi.
“Respublika agrokimyoviy tahlil markazi” va uning filiallari tomonidan tanlangan alohida maydonlarda “Agrokimyoviy xaritanomalar”da belgilangan mineral o‘g‘itlarning qo‘llanishi muddati va me’yorlari ustidan mualliflik nazoratini o‘rnatadi.
Ozbekiston Respublikasi Qishloq
xo’jaligi vazirligi
O’simliklar karantini va himoyasi
agentligi
Respublika agrokimyoviy
tahlil markazi